Serbiyaning Sombor shahrida ayollar o‘rtasida boks bo‘yicha xalqaro XIII “Millatlar kubogi” turniri o‘tkazilmoqda.
Unda O‘zbekiston milliy ayollar terma jamoasi tajribali murabbiy Elshod Rasulov boshchiligida ishtirok etmoqda. Turnirning birinchi kun dasturida terma jamoamizning 3 nafar bokschisi ringda to‘la ustunlikka erishdi va g‘alaba qozonishdi.
Jumladan vazni -50 kg bo‘lgan Feruza Kazakova qozog‘istonlik Moldir Toikovani mag‘lub etgan bo‘lsa, -52 kg vazn toifasida Aziza Yoqubova mezbonlar vakilasi Jasmina Najga hech qanday imkon qoldirmadi. -66 kg vaznda esa Navbahor Hamidova qozog‘istonlik Bakit Seidish ustidan zafar quchdi.
O‘zbekiston milliy ayollar terma jamoamiz murabbiylarining ushbu musobaqadan ko‘zlagan maqsadlari – Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi oldinda turgan musobaqalarga yanada yaxshiroq tayyorlanish va terma jamoa a’zolarini saralashdir. XIII “Millatlar kubogi” turniri 22 yanvar kuniga qadar davom etadi.
Xalqaro turnirning bugungi bahslarida faqatgina bir nafar charm qo‘lqop ustamiz ishtirok etadi. Aniqrog‘i, vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan Saidaxon Rahmonova slovakiyalik Nikol Durikovaga qarshi jang qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA