O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Xitoy Xalq Respublikasining “Chint electric” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida boshqarma boshlig‘i Kazbek Artikov Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlab chiqarish va sanoat sohasini rivojlantirish bo‘yicha investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilganligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng tomonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektrotexnika va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik masalalari doirasida fikr almashdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, “Chint electric” kompaniyasi elektrotexnika vositalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalaridan biridir. Mazkur kompaniya sanoatni avtomatlashtirish, elektr yetkazib berish va ularni taqsimlash uskunalari, issiqlik elektr stansiyalari uchun asbob-uskunalar, qurilish bo‘yicha elektr jihozlari, avtomobil elektrotexnikasi mahsulotlarini ishlab chiqaradi.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar joriy yilning mart oyida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “Chjenszyan – Qoraqalpog‘iston” biznes forumini tashkillashtirish bo‘yicha kelishib oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari