Nukus shahridagi Do‘stlik mahallasidagi 1 ming 484 xonadonda jami 4 ming 840 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy muhofazaga qilish, kam ta’minlangan oilalarga tegishli yordam ko‘rsatish, hudud infratuzilmasini yaxshilash kabi masalalarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan 2023 yilda “Obod mahalla” Davlat dasturi bo‘yicha mahalladagi ichki yo‘llar asfalt qilinib, bir nechta ko‘chaga beton qoplamalari yotqizildi. Ichimlik suvi tarmog‘i yangidan tortilib, xonadonlar internet tarmog‘iga ulandi.
Shuningdek, hokim yordamchisi tavsiyasi bilan 160 dan ziyod fuqaroga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun bankdan imtiyozli kredit ajratildi. Mahalladagi 90 ga yaqin xotin-qiz va 30 nafar yosh “Ishga marhamat” monomarkazida kasb-hunarga o‘qitildi. Keyinchalik esa ular o‘z-o‘zini band qilishi uchun subsidiya mablag‘i bilan ta’minlanishiga ko‘maklashildi.
– Mahallamizda mahsulot ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini yaxshi yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar talaygina, – deydi hokim yordamchisi Alima Isoqova. – O‘tgan 2023 yilda mahalla fuqarolaridan Nargiza Allambergenova yoshlarga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘g‘il-qizlarni zamonaviy axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitadigan o‘quv muassasasini tashkil etdi. Hozirda bu yerda 12 nafar fuqaro faoliyat yuritmoqda.
Sayyora Yerejepova rahbarligidagi “Aziza Feruz” oilaviy korxonasida ham hududdagi 10 nafar ishsiz xotin-qizning ish bilan bandligi ta’minlangan. Korxona sexida non va qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi iste’moli uchun yetkazib berilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA