Bugun, 16 yanvar kuni stol tennisi bo‘yicha joriy yilning eng muhim musobaqalaridan biri bo‘lgan jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi bulib o‘tdi.

Joriy yilning 16-25 fevral kunlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionati qur’asi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Xitoy, Vengriya, Hindiston va Ispaniya jamoalari bilan birinchi guruhdan joy oldi.

Aytish lozim, hamyurtlarimiz joy olgan guruhda Olimpiada va jahon chempioni Xitoy terma jamoasi hamda stol tennisida o‘z nufuziga ega bo‘lgan Ispaniya va Vengriya jamoalarining borligi guruh bosqichi har jihatdan shiddatli o‘tishini anglatmoqda.

Roppa-rosa 1 oydan so‘ng boshlanadigan jamoalar o‘rtasidagi jahon chempionatining erkaklar va ayollar guruhlaridan joy olgan 40 tadan jamoalar sovrinli o‘rinlar bilan birga, “Parij-2024” Olimpiadasining reyting ochkolari uchun ham kurash olib boradi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA