IIV: Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etildi

370

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 15 yanvardagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini ilmiy tadqiq qilish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etildi.

Ichki ishlar vazirligidan ma’lum qilishlaricha, institut kriminologik faoliyatni ilmiy va ekspertlik jihatdan ta’minlashga ixtisoslashgan, IIV tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega respublika ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

Institut mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatga oid chuqur tadqiqotlarni amalga oshiradi, jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qiladi.

Jamoatchilik o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lgan jinoyatlarning omillarini aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqishda surishtiruv va dastlabki tergov organlariga uslubiy ko‘maklashadi.

Kriminologiya sohasi bo‘yicha mustaqil izlanuvchi shaklida oliy malakali ilmiy kadrlarni tayyorlaydi.

Institut o‘z vazifalarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari hamda mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshiradi, uning faoliyatiga to‘sqinlik qilish, tadqiqot hisobotidagi ma’lumotlarni o‘zgartirishi uchun ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA