Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish, sport ta’limini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida xalqaro sport maydonlarida sportchilarimiz qatori murabbiy va hakamlar, mutaxassislar ham salmoqli natijalarga erishmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Sport kurashlarining olimpiya turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi sport turlaridagi trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalana oladigan darajaga chiqarish yo‘nalishidagi harakatlar tufayli o‘tgan yili 148 nafar mutaxassisning bilim darajasini oshirishga erishilgani ayni harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ta’kidlash lozim, 2023 yil davomida mutaxassislarning bilim darajasini yuksaltirish maqsadida umumiy hisobda 16 ta o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etilgan bo‘lsa, shundan 12 tasi mahalliy, 4 tasi xalqaro miqyosdagi yig‘inlar sirasiga kiradi. Bu, 9 nafar o‘zbekistonlik sport kurashlari mutaxassisining xalqaro toifadagi hakamlik darajasiga chiqishini ta’minladi.

Aytish lozim, ushbu mutaxassis-hakamlar: G‘ayratulla Abdullayev, Xayrulla Abdullayev, To‘ymurod Adizov, Qahramon Ibragimov, Baxtiyor Sobirov, Eshpo‘lat Hidoyotov, Bo‘riboy Xidirov, Ruslan Shermanov, Sobir Qo‘ziyev 2024 yil mobaynida O‘zbekiston vakili sifatida butunjahon sport kurashlari tizimidagi turnirlarni, musobaqalarni, qit’a va jahon chempionatlarining shiddatli bahslarini boshqarib borishda ishtirok etadi. Bu, mamlakatimiz sport mutaxassislari orasida xalqaro darajaga erishganlar soni va sifati yildan yilga oshayotganini ko‘rsatayotganidan dalolatdir.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA