Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Tata Steel Chess-2024” turnirining kecha o‘tkazilgan 3-tur o‘yinlari bir-biridan qiziqarli natijalarni qayd etganligi bilan yodda qoldi.
Tur davomida o‘tgan yettita o‘yinning to‘rttasida yutuqlar qayd etildi. Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov qora donalarda eronlik Parham Magsudlu bilan kuch sinashdi va ishonchli tarzda g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Anish Giri Aleksandr Donchenkoni, jahon chempioni Din Lijen qora donalarda Gukeshni taslim etdi.
“Tata Steel Chess-2024” turnirining 3-tur o‘yinlarining qolgan bahslarida qo‘yidagi natijalar qayd etildi: Varmerdam – Firuzdja – 0,5–0,5, Venszyun Szyu – Yorden van Forest–0 –1, Santosh Gudjrati – Nepomnyashiy – 0,5–0,5, Praggnanandxa – I Vey – 0,5 – 0,5.
Ortda qolgan 3-tur yakunlariga ko‘ra, Niderlandiyalik Anish Giri va Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzdja 2,5 ochkoga ega bo‘lgan holda, peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Nepomnyashiy, Lijen va Abdusattorov 2 ochko bilan keyingi o‘rinlarni band etishgan.
Bugun, 16 yanvar kuni 4-tur o‘yinlarida Abdusattorov Fransiya vakili Alireza Firuzdjaga qarshi qora donalarda harakatlanadi. Shuningdek, I Vey- Magsudlu, Lijen- Pragnanandxaa, Anish Giri- Gukesh, Nepomnyashiy- Donchenko, Yorden van Forest- Vidit Gudjrat, Maks Varmerdam- Venszyun Szyu “duel”lari bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqalar 13 turdan iborat bo‘lib, 28 yanvarga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA