O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda kapital ta’mirdan chiqib, zamonaviy sport anjom-aslahalari bilan to‘liq jihozlangan sport majmuasi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Tatlimurat Atamuratov so‘zga chiqib, Qurolli Kuchlarimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga bo‘lgan katta e’tibor tufayli harbiy xizmatchilarimiz mamlakat, qit’a va dunyo miqyosida o‘tkazilayotgan nufuzli musobaqalar, chempionat va turnirlarda davlatimiz bayrog‘ini yuksak ko‘tarib, O‘zbekiston yurt himoyachilari hech kimdan kam emasligini amalda isbotlab kelayotganini e’tirof etdi. Bunday zamonaviy sport majmuasi endilikda mohir sportchilarni tayyorlaydigan maskan bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur sport majmuadagi kapital ta’mir ishlari natijasida ilgari foydalanilmagan va qarovsiz bo‘lgan yerto‘la qismi endilikda katta trenajyor zalga aylantirilib, unda o‘nlab yurt himoyachilari bir vaqtning o‘zida og‘ir atletika va tosh ko‘tarishdan tashqari kardio mashqlar, elektron yugurish yo‘lagi va velotrenajyorlarda shug‘ullanish imkoni yaratildi. Sport majmuada yechinish, yuvinish xonasi, nazariy mashg‘ulotlarni olib borishga mo‘ljallangan sinfxona, mehmonlar uchun alohida xonalar, sport anjom-aslahalarni saqlaydigan omborxona, murabbiylar xonasi barpo etildi.

Umumiy zalda harbiy xizmatchilarning boks bilan shug‘ullanishi uchun ring, qo‘l jangi musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan tatami o‘rnatildi. Endilikda harbiy okrug sport majmuasi o‘zining tarixi, erishgan yutuqlari hamda medal va kuboklarni saqlashi uchun muzeyiga ega bo‘ldi. Bu yerda okrug sport vzvodining malakali murabbiy va yo‘riqchilari tarbiyasi ostida qo‘l jangi, milliy kurash, boks, tosh ko‘tarish, dzyudo, sharq yakkakurashi, erkin kurash, karatedan iborat 11 ta sport to‘garagida mamlakatimiz dovrug‘ini dunyoga yoyishda hissa qo‘shadigan yosh sportchilar kamol topmoqda.

Majmuaning ochilish marosimida mehmonlar uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishib, harbiy okrug nufuzini yuksaklarga ko‘tarib kelayotgan harbiy sportchilar bilan muloqot qilishdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy sport trenajyorlari bilan jihozlanganlik darajasiga yuqori baho berib, ushbu dargohdan yetuk sportchilar o‘sib chiqishiga tilak bildirildi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.