O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi borasida salmoqli ishlar amalga oshirilib, milliy armiyamiz nafaqat mintaqada, balki jahonda eng kuchli armiyalardan biri sifatida e’tirof etiladigan bo‘ldi.
Vatan himoyachilari kuni bayramiga bag‘ishlangan ushbu tantanada Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.
Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Farhodjon Shermatov Vatan himoyachilarini bayram bilan muborakbod etdi.
2023 yilda harbiy okrugda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari doirasida “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida 250 o‘rinli muhtasham Ma’naviyat markazi hamda 30 o‘rinli mehmonxona majmuasi barpo etildi. Nukus hududiy uy-joydan foydalanish qismiga qarashli maxsus texnikalarni saqlash parki kapital ta’mirdan chiqarildi.
Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida ilgari bo‘sh turgan qariyb 1 gektar yer maydonida bir vaqtning o‘zida 500 nafar harbiy xizmatchi bilan amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan kichik dala-o‘quv maydoni hamda Qurolli Kuchlarimizda yagona bo‘lgan qo‘l jangi to‘siqlar yo‘lagi qurildi. Ikki qavatdan iborat sport majmuasi kapital ta’mirlanib, eng so‘nggi sport anjom-aslahalari bilan jihozlandi.
Harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni uzoq muddatli ipoteka kreditlari asosida yangi turarjoy binolari bilan ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 60 ta xonadon foydalanishga topshirildi. Nukus garnizonidagi yopiq harbiy shaharcha hududida 120 xonadonli 2 ta xizmat uyi hamda 300 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi boshlandi. Nukus garnizonidagi harbiy xizmatchilar yotoqxonasi, 60 kishilik mehmonxona, harbiy qism shtabi, tibbiyot punkti va jangovar navbatchilikni o‘tash joylari kapital ta’mirlandi.
O‘tgan yilda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda 30 nafar harbiy xizmatchining farzandiga oliy ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma berildi. Yurt himoyachilarining oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida foizsiz imtiyozli ssudalar taqdim etildi.
Mudom ish va o‘qish bilan band bo‘lmagan 700 nafar qoraqalpog‘istonlik va xorazmlik yoshni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularga fuqarolik pozitsiyasini egallashiga ko‘maklashish maqsadida “Jasorat maktab”lari tashkil etildi. “Mehr harakati” saxovat aksiyasi doirasida 100 nafardan ziyod olis ovul ahliga harbiylar tomonidan ma’naviy va moddiy ko‘mak berildi. “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kirilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj chaqiruv yoshidagi yurtdoshlarimizning 216 nafar farzandi muddatli harbiy xizmatga yuborildi. 752 nafari safarbarlik chaqiruv rezervida xizmatni o‘tashi uchun pul badali imtiyozli manbalar hisobidan to‘lab berildi.
Urganch shahrida ilgari bo‘sh turgan joyda 300 o‘rinli Mudofaa vazirligiga qarashli “Jaloliddin Manguberdi” nomli harbiy-akademik litsey barpo etilgani e’tirof etildi.
Muhim sana munosabati bilan harbiy okrug harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar ishchi-xizmatchilari hamda faxriylar O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni nomidan esdalik nishonlari, qimmatbaho sovg‘alar, diplom va faxriy yorliqlar, navbatdagi harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.
Tantanali marosim san’at ustalari hamda harbiy xonandalarning bayram konserti, shuningdek, harbiy xizmatchilar farzandlarining ko‘rgazmali chiqishlari bilan yakunlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri