Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinboyev so‘zga chiqib, barchani Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi bilan muborakbod etdi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida qayd etilganidek, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissasi bor. Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida barcha mahallalarda, ta’lim va mehnat jamoalarida, harbiy qism va muassasalarda so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarning harbiy-jangovar qudratini oshirish hamda ma’naviy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilgan kengko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini aniq misollar orqali yetkazishga qaratilgan ma’rifiy uchrashuvlar hamda davra suhbatlari tashkil etildi.
Mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda Vatan himoyachilarining xizmati beqiyosdir. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilishga, jumladan, ularni uy-joy bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berish, harbiylarning turmush o‘rtoqlarini ishga joylashtirishga e’tibor berilmoqda.
Tadbirda san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari