Qatarning Doha shahri mezbonlik qilayotgan XVIII Osiyo kubogining guruh bosqichi “D” va “E” guruhlarida birinchi tur o‘yinlari o‘tkazildi.
Musobaqaning “D” guruhidan joy olgan Iroq va Indoneziya bahsida 3:1 hisobi qayd etildi. “E” guruhida esa Iordaniya ilk uchrashuvini Malayziya termasiga qarshi o‘tkazdi va yirik 4:0 hisobida zafar quchdi. Janubiy Koreya hamda Bahrayn o‘yini 3:1 hisobida koreyaliklar foydasiga yakunlandi.
Mazkur uchrashuvlar natijasiga ko‘ra, “D” guruhida Yaponiya va Iroq terma jamoalari bir xil 3 ochko to‘plagan holda birinchi va ikkinchi pog‘onalarga joylashdi. Birinchi turda mag‘lub bo‘lgan Vetnam hamda Indoneziya esa 3-4 o‘rindan joy egalladi.
“E” guruhida esa to‘plar nisbatiga ko‘ra Iordaniya birinchi, Janubiy Koreya esa ikkinchi bo‘ldi. Shuningdek, guruhning so‘nggi o‘rinlarida Bahrayn va Malayziya terma jamoasi qayd etildi.
Bugun, 16 yanvar kuni “F” guruhida Tailand – Qirg‘iz Respublikasi, Saudiya Arabistoni va Ummon terma jamoalari qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Ushbu o‘yinlardan so‘ng musobaqaning guruh bosqichida birinchi tur uchrashuvlari yakunlanadi.
Xabaringiz bor ushbu musobaqada terma jamoamiz ilk uchrashuvda Suriya bilan 0:0 hisobida durang qayd etgan edi. Hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 18 yanvar kuni Hindistonga qarshi o‘tadigan o‘yinga tayyorlanmoqda. Termamizning kechagi mashg‘ulotlarida jamoa sardori Jaloliddin Masharipov noma’lum sabablarga ko‘ra ishtirok etmadi. Umid qilamizki, tajribali futbolchimizning salomatligi joyida va oldindagi muhim uchrashuvlarda maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA