Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC)ning ma’lum qilishicha, kecha Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni munosabati bilan “Arab tili: she’r va san’at tili” mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, IHT doimiy vakili doktor Solih bin Hamad Al Suhayboniy, Ozarbayjon Respublikasining Saudiya Arabistoni Podshohligidagi elchisi Shahin Abdullayev, Qirol Salmon nomidagi Xalqaro arab tili akademiyasining Bosh kotibi, doktor Abdulloh bin Solih Al-Vashmiy so‘zga chiqib, arab tili avvalo, muqaddas Qur’oni karim tili ekanligi, qolaversa, ko‘p qo‘llaniladigan dunyo tillaridan biri ekanligini ta’kidladilar.
Shuningdek, yig‘in doirasida o‘tkazilgan sessiyalarda Madina Islom universiteti professori Muhammad Xodi Al-Muborakiy, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISESCO) a’zosi Majdi Xoj Ibrohim, Islom tarixi tadqiqot markazi bosh direktori Mahmud Arul Qilich va boshqa ulamolar islom mamlakatlari san’atida arab tili va she’riyati mavzularida nutq so‘zladi.
So‘ngra, arab tilining xalqaro miqyosdagi targ‘ibotini yanada kengaytirish maqsadida ko‘rgazma tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz: Yaqin va O‘rta Sharq, Afrika shimolidagi yigirmadan ortiq mamlakatning davlat tili hisoblanmish arab tili Somiy tillar guruhining janubiy tarmog‘iga mansub bo‘lib, bugungi kunda sayyoramizdagi 400 million kishi ushbu tilda muloqot qiladi. 18 dekabr – Xalqaro arab tili kuni BMT tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, 2012 yildan buyon dunyo bo‘ylab nishonlanib kelinadi. 1973 yilning ayni shu sanasida BMT Bosh assambleyasi arab tilini tashkilotning 6 rasmiy tilidan biri deb e’lon qilgan edi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA