Iordaniya nashrida o‘zbek kinosi haqida maqola chop etildi

407

O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida

Prezidentimiz raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini muhokama qilib, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Hozirgi vaqtda “Tirik tarix” seriyasida vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan 50 ta badiiy film yaratish bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanmoqda. Shu asosda tarixiy filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bu dastur ijrosiga nafaqat mahalliy, balki xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar jalb etiladi.

Shu mavzu xorij matbuoti sahifalarida ham aks-sado bermoqda. Jumladan, Iordaniya poytaxti Ammon shahrida faoliyat olib boradigan “Ammon News” axborot agentligi sahifalarida Toshkent shahriga kelib, O‘zbekiston kinematografiyasi tarixi, buguni va istiqboli bilan tanishgan yamanlik yosh yozuvchi Abdul Hamid Al-Kubi o‘z hayrat va taassurotlarini qog‘ozga tushirgan.

Muallif o‘zbek kino san’ati tarixiga qisqacha to‘xtalib,  kino san’ati rivojining boshlanishi 1924 yilda Buxoroda, 1925 yili Toshkentda tashkil etilgan kinostudiyalarni misol qilib keltirgan. Dastlabki ovozsiz filmlar, so‘ngra ovozli kinoning yuzaga kelishi o‘zbek kino san’atining badiiy qiymatini oshirganligini aytgan.

Xalqona mavzuning haqiqiy imkoniyatlarini ochib bergan o‘zbek kinosining ilk namunalari bo‘lgan “Nasriddin Buxoroda”, xalq ertaklari asosida yaratilgan “Tohir va Zuhra”,  tarixiy filmlar an’anasini boshlab bergan “Alisher Navoiy”, shuningdek, “Boy ila xizmatchi”, “Qutlug‘ qon”,  “Shohi so‘zana” kabi badiiy asarlarning ekranlashtirilishi o‘zbek kinosida zamon talablariga, dunyoga yangicha nazar tashlash imkoniyatlari namoyon bo‘lganligini ko‘rsatadi, deb ta’kidlaydi u.

Shu bilan birga, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan filmlar ham o‘zbek ekran san’atiga yangi bir sahifa bo‘lib kirib keldi. “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Qalbingda quyosh”, “Toshkent – non shahri”, “Sinchalak”, “Ulug‘bek yulduzi”, “Natashaxonim”, “O‘tgan kunlar” va boshqa filmlar shular jumlasidandir.

Muallif o‘z maqolasida buyuk allomalar hayotidan so‘zlovchi “Nodirabegim”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Olovli yo‘llar” hamda “Zulmatni tark etib”, “Shum bola” kabi kinolentalar yaratilib, o‘zbek kinosi son va sifat jihatdan yana bir pog‘ona ko‘tarilgani, janrlar esa shakl va mazmun jihatdan boyiganini ta’kidlaydi.

Muxtasar aytganda, maqola o‘quvchida o‘zbek kinosining tarixi, bugungi kundagi muvaffaqiyatlari, kelajagi  haqida to‘liq tasavvur uyg‘otadi va iordaniyaliklarni befarq qoldirmaydi, deb o‘ylaymiz.

Muharrama Pirmatova, O‘zA muxbiri