Qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 500 ga yaqin mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan

324

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida davlat xaridlari sohasida nazoratni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda qayd etilganidek, qo‘mita tomonidan davlat xaridlarida “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat va tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Qo‘mita va hududiy boshqarmalar tomonidan 2023 yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 62 million 465 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi.

Shundan, buyurtmachilar tomonidan 18 million 738 ta savdolar jarayonida 27 million 730 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi.

Xususan, qo‘mita markaziy apparati mutaxassislari tomonidan jami 23 million 296 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 5 million 118 ta savdolar jarayonida 7 million 640 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan bo‘lsa, hududiy boshqarmalari tomonidan esa jami 39 million 196 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 13 million 620 ta savdolar jarayonida 20 million 90 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan.

Shu bilan birga, ushbu soha yuzasidan Qo‘mita va hududiy boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 1 million 142 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar asosida o‘tkazilgan tahlil natijasida 569 ta holatda raqobatga zid qonunbuzilishlar aniqlangan.

Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan qo‘mita tomonidan tegishli ishlar olib borilib qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Misol uchun, “O‘zmilliybank” AJ tomonidan boshlang‘ich qiymati 20,4 milliard so‘mga teng bo‘lgan “Andijon viloyatidagi bank filialining yangi binosini qurish” uchun o‘tkazilgan tenderda ishtirokchilarni asossiz xarid tartib taomillaridan chetlatilgani aniqlangan.

Tanlov natijasi Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.

Jumladan, Xorazm viloyati Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 5 ta lotda qiymati 5,6 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun o‘tkazilgan tanlov savdolarida ishtirokchilarning taklif hujjatlarini baholashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan va bu holat xarid natijasiga ta’sir ko‘rsatgan. Tanlov natijasi Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.

Farg‘ona viloyati 2-son tumanlararo ftiziatriya dispanseri tomonidan boshlang‘ich qiymati 969,9 million so‘m bo‘lgan “Raqamli rentgen apparati flyuorografiya bilan” xaridlarida raqobatni cheklashga olib keladigan talablar kiritilgan. Tanlov natijasi Qo‘mita tomonidan qo‘zg‘atilgan ish doirasida buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy bekor qilinib, savdolar takroran o‘tkazilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan 44 ta maktabda yo‘l harakati xavfsizligi xonalarini tashkil qilish va uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 1 595 mln. so‘m bo‘lgan tanlovlarda savdolarni o‘tkazish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartiblarining buzilishi hamda ayrim tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berganlik holatlari aniqlangan. Tanlov natijasi Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, takroran o‘tkazilgan.

Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan 500 ga yaqin mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA