Qatardagi “Jasim bin Hamad” stadionida Osiyo kubogining “B” guruhida Srechko Katanets boshchiligidagi terma jamoamiz Suriya termasiga qarshi maydonga tushdi va ushbu o‘yin 0:0 hisobida yakunlandi.
Shuningdek, 13 yanvar kuni Xitoy – Tojikiston uchrashuvi 0:0, Avstraliya – Hindiston bahsi 2:0 hisobida yakunlandi.
Endi O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘yinini 18 yanvar kuni Hindiston bilan o‘tkazadi. Mazkur bahs Toshkent vaqti bilan soat 19:30da boshlanadi.
Ushbu bahslardan so‘ng, “A” guruhida Qatar bitta g‘alaba bilan 3 ochko to‘plagan holda birinchi o‘rinda bormoqda. Xitoy va Tojikiston termalari 1 tadan ochko jamg‘arib ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Livan 0 ochko bilan so‘nggi o‘rindan joy olgan.
“B” guruhida esa Avstraliya 3 ochko jamg‘arib peshqadamga aylandi. O‘zbekiston va Suriya 1 ochko bilan keyingi pog‘onalarga joylashdi. Hindiston esa so‘nggi o‘rinda qoldi.
Bugun, 14 yanvar kuni “D” guruhida Yaponiya – Vetnam, BAA – Gonkong, “C” guruhida Eron – Falastin terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA