Dubay ketma-ket uchinchi yil “Tripadvisor Travellers’ Choice Best of the Best Destinations” mukofoti bilan taqdirlandi. Bu mukofot uchun “Tripadvisor” 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 30 sentyabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida mehmonxonalar, restoranlar va ko‘ngilochar ob’ektlar haqidagi sharhlarning sifati va miqdorini hisobga olgan holda millionlab sayohatchilarning reytinglari va muhokamalari asosida g‘oliblarni tanladi.
Dubay iqtisodiyot va turizm departamenti ma’lum qilishicha “Tripadvisor”ning nufuzli mukofoti Dubay mukofotlari qatoriga muhim qo‘shimcha bo‘ldi. 2023 yilda “Remitly” hisoboti Dubayni dunyodagi birinchi raqamli shahar deb e’tirof etdi. Shuningdek, “Savills” kompaniyasi uni “Executive Nomad Index 2023” da masofaviy ishlash uchun eng yaxshi 20 ta shahar qatoriga kiritdi.
“Euromonitor International”ning 2023 yilgi shaharlar indeksiga ko‘ra, Dubay dunyodagi ikkinchi eng mashhur shahar deb topildi. Bundan tashqari, Dubay Yaponiyada tuzilgan nufuzli “Global Power City Index 2023” reytingida ham eng yaxshi 10 ta shahar qatoriga kiritilgan.
Shaharlar va mamlakatlar haqidagi dunyodagi eng yirik ma’lumotlar bazasi bo‘lgan “Numbeo” ma’lumotlariga ko‘ra, BAA 2023 yilda dunyoning ikkinchi eng xavfsiz davlati deb topilgan. Ushbu ajoyib yutuqlar Dubayning 200 dan ortiq turli millat vakillariga o‘ziga xos tajribalarni taqdim etuvchi yetakchi global turmush tarzi manzili sifatida jozibadorligini ta’kidlaydi. Yuqori xavfsizlik standartlari esa sayohatchilarning shaharda xavfsiz dam olishlarini ta’minlaydi.
Dubayning Iqtisodiyot va turizm departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-noyabr oylarida Dubayga 15,37 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 20 foizga ko‘p. Ushbu tendensiya Dubayning biznes va turizm, yashash va ishlash bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi uchta shahardan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun D33 iqtisodiy strategiyasiga mos keladi.
G.Sattorova, O‘zA