Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari ishtirokida brifing o‘tkazildi

597

Davlatimiz rahbari raisligida 2023 yil 29 noyabr kuni suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2024 yil “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil”, deb e’lon qilindi.

Mazkur yig‘ilishda suv xo‘jaligidagi eng dolzarb muammoli masala sifatida kanallarda ortiqcha suvning yo‘qotilishiga alohida e’tibor qaratilib, ariq va kanallarni betonlashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Bu boradagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024 yilda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar hisobidagi 1 ming 500 kilometr, ya’ni, 2023 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p magistral va xo‘jaliklararo kanallarni hamda 2025 yilda kamida 2 ming kilometr kanallarni betonlashni belgilab olindi.

Suv xo‘jaligi mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan brifingda kanallarni betonlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun hukumatning tegishli qarori qabul qilinib, tizimdagi tashkilotlar hisobidagi betonlash ishlari amalga oshiriladigan kanallarning manzilli ro‘yxati tasdiqlangan. Mazkur qaror bilan Suv xo‘jaligi vazirligida “favqulodda ishlash tizimi”ni tashkil qilish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan respublika va hududiy shtablar tashkil etildi. Magistral va xo‘jaliklararo kanallarni betonlash ishlari vazirlik tizimidagi “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida ob’ektlarning tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Kanallarda bajariladigan qazish va beton ishlari loyiha-qidiruv ishlari natijalari bo‘yicha tanlangan loyihaviy yechimlarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda.

Loyihalashtirilgan ob’ektlar bo‘yicha atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatilishi hamda ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot loyihasi ishlab chiqilgandan so‘ng Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi organlarining davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinadi.

Shuningdek, har bir ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy ekspertiza xulosasi olinganidan so‘ng bosh pudratchi tashkilotni aniqlash uchun “Shaffof qurilish” elektron platformasi orqali tender savdolariga e’lon joylashtiriladi.

Brifingda shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan suvni tejash maqsadida betonlanishi buyurilgan ariqlarni mas’ullar daraxtlari bilan birga betonlab yuborayotgani mazmunidagi maqolaga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur maqolada ko‘rsatib o‘tilgan holatlarga ayrim joylar, xususan, klaster va fermer xo‘jaliklari ichki ariq va sug‘orish tarmoqlarida yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish uchun joylarda vazirlik tomonidan mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda amaliy seminarlar tashkil etilishi va betonlash ishlarini bajarayotgan hasharchilarga zaruriy tavsiya va ko‘rsatmalar berib borilishi bildirildi.

Brifingda mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

 

Kamola YUSUPOVA.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA