Bugungi kunda muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni raqamlashtirish va xavfsiz manbada saqlash tomonlar uchun ma’lumotlarni istalgan vaqt va makonda tekshirish, qog‘ozbozlikning oldini olish, jarayonni tezlashtirish, nazorat zanjirini tashkil etib, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash bilan bir qatorda mahsulotlar sifatini oshirish imkonini beradi.

Mahsulotlar sifatini ta’minlash uchun sertifikatlashtirilgan mahsulotlar ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005 yil 6 aprelda ro‘yxatga olingan “Sertifikatlashtirilgan mahsulotlarni inspeksiya nazoratidan o‘tkazish Qoidalari” asosida olib boriladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining tarkibiy qismi bo‘lmish O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining ma’lum qilishicha, mazkur tizim elektronlashtirilib, joriy yilning 1 yanvar sanasidan ishga tushirildi.

Endilikda inspeksiya nazorati ikki tomonlama kelishuvining yagona bazada yuritilishi natijasida korrupsiya holatlarining oldini olish, inson omili aralashuvini kamaytirish, ishlab chiqaruvchilar vaqtining tejalishi hamda mahsulotlar sifatini doimiy ta’minlashning yana bir bo‘g‘ini yaratildi.

Ma’lumot o‘rnida, sertifikatlashtirilgan mahsulotlar ustidan inspeksiya nazorati – sertifikatlashtirilgan mahsulotlarning sertifikatlashtirilayotganda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladigan davriy takroriy baholash tartib-taomili hisoblanadi.

 

Sh.Mamaturopova,

O‘zA