Bugun Qatar yashil maydonlarida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqasi boshlanadi va ushbu musobaqa 10 fevral kuniga qadar davom etadi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan 1956 yilda asos solingan Osiyo kubogi qit’amizda futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan eng nufuzli musobaqa hisoblanadi. Bu yilgi musobaqada murakkab saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan qit’amizning eng kuchli yigirma to‘rt mamlakat terma jamoasi g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashadi.

Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi “B” guruhida Avstraliya, Suriya va Hindiston jamoalari bilan kuch sinashadi. Hamyurtlarimiz Osiyo kubogidagi ishtirokini 13 yanvar kuni Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi musobaqasining final bosqichida 1996 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. O‘sha yili Birlashgan Arab Amirliklari va 2000 yili Livanda o‘tkazilgan dastlabki ikki turnir o‘zbekistonlik futbolchilar uchun tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.

2004 yil Xitoyda va uch yildan so‘ng to‘rtta mamlakat – Vetnam, Indoneziya, Tailand hamda Malayziyada tashkil etilgan musobaqaning guruh bahslarida zafar quchgan futbolchilarimiz chorak finalga chiqdi. 2011 yil Qatarda o‘tkazilgan qit’a kubogi bahslarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim finalgacha yetib borib, kuchli to‘rtlikdan joy oldi. 2015 yilgi chempionatda hamyurtlarimiz 1/4 final bosqichiga qadar yetib borgan, 2019 yilgi qit’a chempionatida esa vakillarimizga 1/8 final bosqichi nasib etgan edi.

Terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets Osiyo kubogining final bosqichida o‘ynaydigan terma jamoa tarkibiga milliy chempionatimiz oliy ligasida ishtirok etayotgan “Paxtakor”, “Navbahor”, “AGMK” va “Nasaf” jamoalari safida kuchli o‘yin ko‘rsatgan eng mohir futbolchilarni jalb etdi. Shuningdek, Jaloliddin Masharipov, Abbosbek Fayzullayev, Bobir Abduxoliqov, Abduqodir Husanov, Otabek Shukurov, Shahboz Umarov, Igor Sergeyev, Azizbek Amonov, Abdulla Abdullayev kabi legionerlar ham Doha shahridagi yashil maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Osiyo kubogining ilk ochilish uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00da “A” guruhidan o‘rin olgan Qatar va Livan o‘rtasida o‘tkaziladi. Srechko Katanets boshchiligidagi terma jamoamiz dastlabki o‘yinini 13 yanvar kuni soat 22:30 Suriya termasiga qarshi o‘tkazadi. Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 18 yanvar kuni Hindiston bilan soat 19:30da, avstraliyalik futbolchilar bilan esa 23 yanvar kuni soat 16:30 o‘zaro kuch sinashadi.

Ma’lumot uchun, 13 yanvar kuni “A” guruhining ikkinchi o‘yini soat 19:30da Xitoy va Tojikiston o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Shu kuni “B” guruhida Avstraliya hamda Hindiston termalari soat 16:30da o‘zaro raqobatlashadi. O‘yinlarning boshlanish vaqti Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan.

Mazkur Osiyo kubogida milliy terma jamoamizga ulkan zafarlar tilab qolamiz.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA