“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ijtimoiy himoya chorasi sifatida kafolatlanishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha shahar va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarini alohida reja-grafik asosida profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tashkil etildi. Asosiy maqsad kasalliklarni erta aniqlash, uning oldini olish orqali mehnat faoliyatida samaradorlik va natijadorlikka erishishni ta’minlashdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirni joylarda belgilangan muddatda o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Tibbiy ko‘rik davomida shifokorlar tomonidan sog‘lom turmush tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, kasalliklarning oldini olish bo‘yicha maslahatlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri