Davlatimiz rahbarining “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tadbirkorlarga qator erkinliklar berildi.

Jumladan, 2024 yil 1 martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinmoqda. 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi. Masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi. 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi. Xususan, eksport nazorati ob’ektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda. 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi. Masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.

Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi. Farmon bilan chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish talabi bekor qilindi. Bunda xavfni majburiy sug‘urta qilish tartibini joriy qilish orqali favqulodda holatlarning oqibatlari bartaraf qilinadi. Natijada 1,6 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 24,5 million  dollar qoladi.

Mehmonxonalarni sertifikatlashtirish uchun arizaga kadastr hujjatlarini talab qilishga chek qo‘yiladi. Hozirda 1,2 mingta mehmonxona mavjud bo‘lib, kadastr hujjatini idoralararo axborot almashuv orqali olish imkoniyati yaratilgan.

Endilikda yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin. Bugunga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tkazilayotgan edi. Hozirda 4,1 millionta transport vositasi va 276 ta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar mavjud.

Farmonda belgilangan yana bir muhim tartib – ayrim sohalarda litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirilgan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etilmoqda.

Bunda litsenziya va ruxsatnoma olmasdan vakolatli organni xabardor qilgan holda 3 oy davomida faoliyatni amalga oshirishga ruxsat etiladi. Ushbu muddat tugagandan so‘ng tadbirkor tegishli litsenziya yoki ruxsatnomani belgilangan tartibda oladi yoki mazkur faoliyatni amalga oshirishni to‘xtatadi.

Bundan tashqari, farmon bilan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish rejasi tasdiqlandi.

Shuningdek, majburiy talablarni qisqartirish, litsenziya va ruxsatnomalarni olishni soddalashtirish bo‘yicha 33 ta banddan iborat “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu yo‘l-xaritada 28 ta litsenziya va ruxsatnomadagi 50 tadan ziyod talablarni soddalashtirish nazarda tutilgan.

Litsenziya va ruxsatnoma berish tizimini soddalashtirish maqsadida 71 ta litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlari ishlab chiqiladi (amalda 70 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalarni berish tegishli pasport va yagona nizom asosida amalga oshirilmoqda).

Shuningdek, Prezidentimizning “Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2024 yildan boshlab tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga topshiriladigan 34  turdagi hisobot bekor qilindi.

Jumladan, boshqa davlat organlaridan ma’lumot olish imkoniyati mavjud bo‘lgan, maqbullashtirish hisobiga hamda tanlanma kuzatuvga o‘zgartirish orqali 26 turdagi statistik va bir-birini takrorlovchi hamda tegishli axborot tizimlarida mavjud bo‘lgan boshqa 8 turdagi hisobot ham bekor qilindi.

Ushbu hisobotlar tadbirkorlar tomonidan choraklik va yillik davrlarda topshirilgan bo‘lib, ularning bekor qilinishi natijasida har yili 21,5 ming nafar tadbirkorning 500 million so‘m miqdordagi mablag‘i tejaladi.

Mazkur ishlarni davom ettirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlaridan hisobot oluvchi mas’ul davlat organlariga har yili ma’lumotlarni elektron bazalardan olish imkoni bo‘lgan hisobotlarni maqbullashtirish topshirilgan.

Umaman olganda, tadbirkorlar tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlar 50 foizga qisqartiriladi.

N.Abduraimova, O‘zA