2023 yilda Qozog‘istonning Olmaota shahrida 1407 etnik qozoq “vatandosh” maqomini oldi, deya xabar berdi “Kazinform” axborot agentligi.

Hududiy kommunikatsiyalar xizmati brifingida shahar Bandlik va ijtimoiy dasturlar boshqarmasi boshlig‘i Baurjan Jaubasov o‘tgan yil shaharda 1407 nafar etnik qozoq o‘z tarixiy vataniga qaytib, “vatandosh” maqomiga ega bo‘ganini alohida qayd etgan.

– Boshqaruv tarixiy vataniga kelgan etnik qozoqlarga vatandosh maqomini berish va uzaytirish bo‘yicha ishlayapti, – dedi B.Jaubasov. – 151 kishi o‘z maqomini yana bir yilga uzaytirdi. Xorijdagi etnik qozoqlarning qarindoshlarini Qozog‘istonga ko‘chirish uchun 37 kishiga chaqiruv qog‘ozi berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, boshqarma faoliyatiga chet ellik malakali xodimlarga ruxsatnomalar berish va ularni uzaytirish funksiyalari kiradi. 2023 yil yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun 1242 ta ruxsatnoma berilgan, mahalliy byudjetga 738 million tenge soliq yig‘imlari to‘langan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA