Kecha O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Dokerti bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda tomonlar siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya muloqotining holati va istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar hamda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildilar.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotgani, kun tartibidagi barcha jabhalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklik izchil kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Iqtisodiy diplomatiya ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarkibiy qismlaridan biri sifatida qaralayotgani alohida e’tirof etildi. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining o‘rinbosarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Dokerti O‘zA muxbiriga intervyu berar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

–Shuni aytishim mumkinki, bugungi uchrashuvdan juda ijobiy taassurot oldim. Darhaqiqat, Buyuk Britaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yaxshi sur’atda rivojlanib kelmoqda, -dedi Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari L.Dokerti. – O‘zbekistonda ta’lim, savdo, biznes sohalarini rivojlantirishda katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Men ushbu masalalarni yana bir bor muhokama qilish va o‘zaro diplomatik munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun yurtingizga tashrif buyurdim. Hamkorligimizda ayniqsa, ta’lim sohasi juda muhim hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mazkur sohada olib borayotgan islohotlarini hamda bu borada qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni biz ham juda qadrlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Zero, biz O‘zbekistonda yosh avlodning ilmli, dunyoqarashi keng bo‘lib ulg‘ayotganiga, xalqaro miqyosda katta-katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz, dedi vazir o‘rinbosari.

Saidmurod Rahimov,

O‘zA muxbiri