Chorshanba kuni Bryusselda elchilar darajasidagi NATO-Ukraina kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis yakunida alyansga kiruvchi davlatlar Kiyevga harbiy yordam, jumladan, havo hujumiga qarshi mudofaani kuchaytirishni davom ettirishni ma’lum qilgan.

“Ittifoqchilar Ukrainaning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini mustahkamlash uchun katta yordam ko‘rsatmoqda, bugun ular Ukraina mudofaa qobiliyatini kelgusida ham mustahkamlashga sodiq ekanini tasdiqladi”, – deyiladi uchrashuv yakuni bo‘yicha tarqatilgan bayonotda.

Hujjatda ta’kidlanishicha, NATO Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatishda ham davom etadi. Shuningdek, “2024 yilda Ukraina imkoniyatlarini kuchaytirishga “milliardlab yevro taqdim etilishi” haqida ham ma’lum qilingan.

17-18 yanvar kunlari NATO harbiy qo‘mitasining shtab boshliqlari darajasidagi majlisi mo‘ljallangan. OAV tarqatgan xabarlarga ko‘ra, ayni damda Ukrainaga yanada zamonaviy mudofaa tizimlarini yetkazib berish rejasi muhokama qilinmoqda.