AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Janubiy Afrikaning Xalqaro sudga Isroilga qarshi “genotsid” da’vosi bilan murojaat qilganini qoraladi. Uning tegishli bayonotlari Tel-Avivdagi muloqotlar chog‘ida berildi.
Jo Bayden ma’muriyatining fikricha, sud jarayoni XAMAS tomonidan garovga olinganlar xavfsizligini ta’minlash, G‘azo sektoridagi gumanitar inqirozga yechim topish va mojaro tarqalishining oldini olish kabi sa’y-harakatlardan “dunyoni chalg‘itmoqda”.
“Bundan tashqari, genotsid ayblovi adolatsizdir”, dedi AQSH Davlat kotibi.
Ta’kidlash joizki, Bayden ma’muriyati Janubiy Afrikaning “genotsid” ayblovlari bilan Isroilga qarshi da’vosiga nisbatan qattiq pozitsiyani egallaydi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ham 3 yanvar kuni sud jarayonini “adolatsiz” deb atagan edi.
2023 yil 29 dekabrda Janubiy Afrika Xalqaro sudga Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid” deb tan olishni talab qildi. Ushbu da’vo bo‘yicha tinglov 11-12 yanvar kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
O‘zA