Xalqaro “Gallup” tadqiqot kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari Isroil bosh vaziri Netanyaxuning amerikaliklar orasida reytingi tez tushib keta boshlaganini ko‘rsatgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 47 foizi unga nisbatan salbiy, 33 foizi esa ijobiy fikrda ekanini bildirgan.
“Gallup” tadqiqot kompaniyasi so‘nggi paytlarda tez-tez Netanyaxuning reytingi bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazib keladi, ammo oxirgi olingan natijalar ko‘rsatkichini eng yomoni deyish mumkin. Nafaqat amerikaliklar, hatto Isroilning o‘zida ham ba’zi siyosiy doira vakillari Netanyaxu olib borayotgan boshqaruv tizimidan norozi ekanliklarini bildirmoqdalar. Masalan, Isroildagi muxolifat partiyasining yetakchisi Yair Lapid: “Isroilga yangi Vazirlar Mahkamasi yoki yangi Bosh vazir kerak. Bu hukumat urushni nazorat qila olmaydi. Netanyaxu mamlakatni boshqarishga qodir emas”, – degan u.
Shu fikrlari bilan Yair Lapid hukumatni almashtirish yoki muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga chaqirgan. Isroilda Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlash asta-sekin kamayib borayotgan bir paytda, muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish taklifi ham o‘rtaga chiqa boshladi.