Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda Fransiya fuqarosining hibsga olinishi bilan bog‘liq bayonotga izoh berar ekan, fransuz tomonini Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi.
Qayd etilishicha, 4 dekabr kuni Fransiya fuqarosi Martin Rian Ozarbayjon Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasida, ya’ni, josuslik nazarda tutilgan qilmishni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan.
“Fransiya tashqi ishlar vazirligining Fransiya fuqarosining asossiz hibsga olingani haqidagi ayblovlari asosga ega emas. Bu bayonot voqelikni buzish, Ozarbayjonning ichki ishlariga va qonuniy tergov jarayoniga aralashishga navbatdagi urinishdir”, – degan Hojizoda.
Uning qayd etishicha, sud Fransiya fuqarosiga nisbatan to‘rt oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi sifatida qaror chiqargan.
“Ozarbayjon tomoni mazkur fransuz fuqarosiga nisbatan chora ko‘rib, milliy qonunchilik va xalqaro majburiyatlarga to‘liq rioya qildi. Gumonlanuvchi qo‘lga olinganidan beri Fransiya elchixonasining konsullik bo‘limi xodimlari uning oldiga bir necha bor tashrif buyurgan va ular jinoiy ish yuzasidan to‘liq xabardor”, – degan u.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ushbu shaxs va Fransiya elchixonasining ikki xodimi o‘rtasidagi hamkorlik masalasini o‘rganish maqsadida Fransiya elchixonasiga og‘zaki nota yuborganiga qaramay, Fransiya tomoni tushuntirish berishdan va tergovga hamkorlik qilishdan bosh tortgan.
“Shu munosabat bilan bu ikki elchixona xodimi Ozarbayjon tomonidan “nomaqbul shaxslar” deb e’lon qilindi. Biz yana bir bor fransuz tomonini Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashishni va tergov harakatlariga ta’sir o‘tkazishni bas qilishga chaqiramiz”, – degan Oyxon Hojizoda.