Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanlararo sudining 2017 yil 20 yanvardagi ijro hujjatiga asosan, undiruvchi Biybinaz Ibraimovaning foydasiga bir nafar farzandining ta’minoti uchun qarzdor Ramil Utarbayevning har oydagi jami daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment undirish belgilandi.

Ijro harakatlari davomida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 421-moddasiga asosan qarzdor Utarbayev Ramil Batibayevichning O‘zbekiston  Respublikasidan tashqariga chiqish huquqiga nisbatan 2023 yil 27 iyuldan cheklov o‘rnatilgan edi. Shuning oqibatida qarzdor oktyabr oyida Byuroning Qo‘ng‘irot tuman bo‘limiga kelib, O‘zbekiston  Respublikasidan tashqariga chiqishga zarurati borligini bildirgan.

Qarzdor ota fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktyabr kungi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan, 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lash istagini bildirgan. Shu munosabat bilan 2023 yil 20 dekabrda mazkur sud tomonidan qarzdor otaga 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lashga ruxsat berilgan va qarzdor tomonidan jami 110  million 506  ming 674 so‘m aliment puli to‘lab berilgan.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.