Poytaxtimizda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Men G‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

14 yanvar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu tadbir “Humo Arena” sport majmuasi atrofidagi trassada bo‘lib o‘tadi. Aynan shu yerda ommaviy yugurish musobaqasi starti va finish maydonchasi o‘rnatiladi.

An’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Men G‘olib” ommaviy yugurish musobaqasi dasturida ishtirokchilar 3 km, 10 km va 1 km masofada “Family Run” oilaviy ommaviy yugurish yo‘nalishida o‘z omadlarini sinab ko‘radilar. Shuningdek, havaskor yuguruvchilar shaxsiy musobaqalarda ishtirok etsa, idoraviy tuzilmalar uchun esa jamoaviy bahslar tashkil etiladi. 14 yanvar kuni ishtirokchilarning yig‘ilishi soat 07:00da boshlanadi. Musobaqaga esa 08:00 da start beriladi.

Ma’lumot uchun, “Men G‘olib” kubogi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuraturaning vakillaridan tashkil topgan 8 ta jamoa o‘rtasida tashkil etiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA