Jahon tibbiyotining namunaviy standartlarini qo‘llash, shuningdek, yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish maqsadida “Tashkent International Medical Center (TIMC)” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi operatsion boshqaruviga dunyoga mashhur “Acibadem” klinikalar tarmog‘i (Turkiya) jalb qilindi.

Hamkorlik bo‘yicha shartnoma 2023 yil dekabr oyida TIMC muassisi Baxtiyor Fozilov va “ACIBADEM Healthcare Group” rezidenti Mexmet Ali Aydin o‘rtasida imzolandi.

Joriy yilning 9 yanvar kuni “Acibadem” jamoasi loyiha ustida ish boshladi. Dastlab tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohasida zamonaviy standartlarni va yangi IT-texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Shartnomaga ko‘ra, butun dunyodan nafaqat tibbiy amaliyotni olib boradigan, balki ta’lim rivojiga hissa qo‘shadigan, kadrlarni tayyorlab, o‘qitib va malakasini oshiradigan shifokorlar va mutaxassislar jalb qilinadi.

Toshkent shahrida yangi klinikaning ochilishi shu yilning sentyabr oyida rejalashtirilgan bo‘lib, onkologiya, organ va to‘qima transplantatsiyasi, neyroxirurgiya, robotlashtirilgan jarrohlik va sport tibbiyoti kabi ko‘plab yo‘nalishlarni birlashtiradi.
Muassislar bilan bo‘lgan uchrashuvda klinika negizida qo‘shma tibbiyot universitetini tashkil qilish ham muhokama qilindi. Bu yerda talabalar zamonaviy simulyatsiya markazlari imkoniyatlaridan foydalangan holda ilg‘or o‘quv dasturlari asosida ta’lim oladi.

Poytaxtda tibbiy xizmatni takomillashtirish bilan bir qatorda, qolgan viloyatlarda ham ushbu klinikalar tarmog‘ini ochish rejalashtirilgan. Bu aholining arzon va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishi uchun yaxshi imkoniyatdir.

TIMC klinikasi “ACIBADEM Healthcare Group” bilan hamkorlikni tanlagani bejizga emas. Chunki ushbu tibbiy tashkilot dunyodagi ikkinchi yirik tibbiyot muassasalari tarmog‘ining biri hisoblanib, Turkiyaning o‘zida tibbiy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida yetakchilardan biridir.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri