Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud huquq masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan “Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlamentning roli: 2024 yildagi ustuvor vazifalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

– Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosati korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olishga qaratilgan preventiv chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani bilan ahamiyatlidir, – dedi qo‘mita raisi J.Shirinov. – Sohada olib borilgan ishlar natijasida 2022 yil uchun “Transparency International” xalqaro tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi yangi reytingida O‘zbekiston 14 pog‘onaga ko‘tarilib, indeks bahosida qatorasiga 9 yil davomida barqaror o‘sishiga erishildi. Qayd etish lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ustuvor vazifalarning ijrosini ta’minlashda parlament ham muhim o‘rin egallaydi. Qonun ijodkorligi va parlament nazorati orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. O‘tgan davrda korrupsiyaning oldini olish borasida olib borayotgan ishlar holati yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar hamda boshqa vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarga qaramasdan, byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya holatlari hamon saqlanib qolinyapti. Shuning uchun O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilish ishlarini yakuniga yetkazish, normativ-huquqiy hujjatlardagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va boshqa zarur choralarni ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalarni tarqatish, erishilgan yutuqlar va tajriba bilan almashish, davlat xizmatchilari va fuqarolarning ushbu boradagi bilimlarini oshirishda foydalanishga mo‘ljallangan yagona interaktiv maydoncha – “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual platformasi” loyihasini ishga tushirish kerakligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturida belgilangan bandlar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi lozimligi qayd etildi.

M.Komilova, O‘zA