O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida AQSH chempionatida ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan Ilya Sibirsev joriy yildan O‘zbekiston bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga kirishadi.
O‘zbekiston suzish federatsiyasining xabar berishicha, Ilya fevral oyida Qatarda o‘tkaziladigan suv sport turlari bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qiladi.
Mazkur jahon chempionati “Parij-2024” Olimpiadasi oldidan o‘tadigan muhim musobaqa ekanligini nazarda tutsak, to‘rt yillik o‘yinlarning suzish bahslarida O‘zbekiston bayrog‘i yuksalib turishini anglatmoqda, deyish mumkin.
Aytish lozim, o‘smirlar o‘rtasida Yevropa chempionligiga va jahon chempionati sovrindorligiga erishgan 22 yoshli Sibirsev bugungi kunda suzish sportida jahonning yetakchi sportchilaridan biri hisoblanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA