Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi para yengil atletika bo‘yicha 2024 yilda o‘tkaziladigan musobaqalar taqvimini e’lon qildi. Unga ko‘ra, joriy yilda 7 ta xalqaro Gran-pri hamda 1 ta jahon chempionati tashkil etiladi.

Mavsum 11-14 fevral kunlari Dubay shahrida o‘tkaziladigan Gran-pri musobaqasidan boshlanadi. Shuningdek, mart va iyun oylariga qadar Tunis, Italiya, Meksika, Marokash, Shveysariya va Fransiya mamlakatlarida o‘tkaziladi.

Jahon chempionatiga 17-25 may kunlari Yaponiyaning Kobe shahri mezbonlik qiladi.

***  

O‘zbekiston suzish federatsiyasi 2-18 fevral kunlari Qatarda o‘tadigan suv sporti turlari bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadigan sportchilar ro‘yxatini e’lon qildi. Mazkur musobaqada Eldor Usmonov va Ilya Sibirsev suzish, Igor Myalin hamda Vyacheslav Kachanov suvga sakrash, Ziyoda Toshxo‘jayeva, Diana Onkes, Anna Vashenko esa sinxron suzish yo‘nalishlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.

 *** 

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Dinamo” jamoasi “Olimpik” klubiga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida hisob ochilmagan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Dilshod Rahmatullayev va Bahodir Nasimovning goli evaziga “Dinamo” klubi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

“OKMK” jamoasi bo‘lajak mavsum oldidan seleksiya ishlarini jadallik bilan olib bormoqda va klub tarkibdagi shartnomasi tugagan futbolchilar bilan o‘rtadagi bitimni uzaytirish borasida muzokaralarga kirdi. Buning samarasida Dilshodbek Ahmadaliyev bilan ikki yilga klub shartnomani uzaytirdi.

Bu yil o‘z oldiga Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan “Qo‘qon-1912″ jamoasi navbatdagi mahoratli futbolchi bilan shartnoma imzoladi. O‘tgan mavsum “Turon” safida harakat qilgan Asliddin Toshtemirov yangi mavsumda qo‘qonliklar sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.

***

Osiyo chempionlar ligasining pley-off bosqichi o‘yinlarining boshlanish vaqtlari e’lon qilindi. Unga asosan “Nasaf” va “Al-Ayn” uchrashuvi 14 fevral kuni soat 19:00, javob o‘yini esa 21 fevral soat 20:00 da boshlanadi. Shuningdek,“Navbahor” va “Al-Ittihod” bahsi 15 fevral va 22 fevral kunlari soat 19:00 da start oladi.

***

Futzal bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Portugaliyaga qarshi o‘tgan o‘rtoqlik o‘yinida 3:3 hisobidagi durang qayd etildi. O‘yindagi gollarga Leonildo Injai (6,36), Migel Malxao (15), Abror Ahmetzyanov (11), Asliddin Samiyev (12), Fazliddin Botirov (18) mualliflik qildi.

***

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi hozirda Turkiyada navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Mashg‘ulotlar 28 yanvarga qadar davom etadi. Yig‘indan ko‘zlangan maqsad, aprel oyida Janubiy Koreyada o‘tadigan Osiyo va may oyida Shveysariya mezbonlik qiladigan jahon litsenzion turniriga tayyorgarlik ko‘rishdir.

 ***

Professional boksdagi taniqli promouterlik kompaniyalaridan biri “Matchroom” o‘z bokschilari orasida 2023 yilning eng yaxshilarini aniqlamoqda. Unda uch nafar o‘zbekistonlik professional bokschilar Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev hamda Isroil Madrimov “yilning eng yaxshi bokschisi” nominatsiyada da’vogarlik qilmoqda. Ovoz berish jarayonlari “Matchroom” rasmiy saytida yakshanba kuniga qadar davom etadi.

***  

Havaskor bokschilarimiz joriy yilgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. Mazkur mashg‘ulot yig‘ini 26 yanvar kuniga qadar o‘tkaziladi. Unda erkaklar boks terma jamoasi Toshkent viloyatida joylashgan “Yangiobod sport bazasi”da o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi. Ularga tajribali murabbiy To‘lqin Qilichev ustozlik qiladi. Yig‘in oldinda turgan yirik musobaqalar, jumladan, “Parij-2024″ yo‘lidagi xalqaro turnirlarga muhim tayyorgarlik bosqichini o‘taydi.

***  

Yosh umidli shaxmatchi qizimiz Maftuna Bobomurodova shaxmat turi bo‘yicha ayollar o‘rtasida Xalqaro sport ustasi (WIM) faxriy unvonini qo‘lga kiritdi.

 Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA