Nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi xabar berdi.

Joriy yil 9 yanvar kuni Germaniyaning iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lgan Frankfurt-Mayndagi “Messe Frankfurt” ko‘rgazma maydonida dunyodagi nufuzli xalqaro to‘qimachilik ko‘rgazmalaridan biri – “HEIMTEXTILE – 2024” o‘z ishini boshladi.

Ushbu an’anaviy tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoati” uyushmasi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi namoyish etilmoqda.

Mutasaddilarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi ko‘rgazmada dunyoning 60 dan ortiq mamlakatidan jami 2 ming 800 dan ziyod korxona va 5 mingga yaqin mutaxassis ishtirok etmoqda. O‘zbekiston vakillari ko‘rgazmaning markaziy pavilonlaridan birida 200 kvadrat metr maydonda joylashtirilgan “Made in Uzbekistan” milliy stend bilan qatnashmoqda.

Unda mamlakatimizning 20 nafar to‘qimachilik korxonalari vakillari ishtirok etmoqda. “NT Holding”, “Uztex Group”, “Merganteks”, “Sam Rafoat Textile”, “Bahmal Group”, “Image Textile”, “Group Impex”, “Osiyo Home”, “Aisha Home”, “Great Kokand” va boshqa kompaniyalar o‘zlarining sifatli choyshab to‘plamlari, turli sochiqlar va gazlama matolarini namoyish etmoqda.

To‘qimachilik va uy interer dizayni uchun matolar bo‘yicha an’anaviy xalqaro savdo ko‘rgazmasi “HEIMTEXTILE” pandemiya davrini hisobga olmaganda deyarli har yili o‘tkazib kelinmoqda.

Jahon to‘qimachilik sanoatining eng yirik tadbirlaridan biri “HEIMTEXTILE” xalqaro ko‘rgazmasi butun dunyo bo‘ylab barcha to‘qimachilik sohasi vakillari uchun maxsus uchrashuv platformasi tarzida dunyoga tanilgan.

Nafaqat xalqaro to‘qimachilik bozori yetakchilari, istiqbolli startap korxonalari, chakana yoki ulgurji savdo mutaxassislari, mebel, interer dizayni, mehmonxona jihozlari dizaynerlari va boshqa ko‘plab sohalar vakillari har yili ushbu ko‘rgazmaga tashrif buyuradi.

Eslatib o‘tamiz, “HEIMTEXTILE – 2024” xalqaro ko‘rgazmasi 12 yanvargacha davom etadi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi. O‘zA