14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash doirasida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Askarlar onalarini sharaflaymiz!” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Jamoatchilik kengashning hududiy bo‘linmasi a’zolari, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etdi.
Toshkent garnizonidagi harbiy qismlardagi yurtimizning turli go‘shalaridan kelgan muddatli harbiy xizmatchilar hamda barcha hududlardan ota-onalar videokonferens aloqa tizimi orqali onlayn qatnashdi.
Uchrashuvda yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar o‘z ota-onalari va yaqinlari bilan ekran orqali diydorlashish baxtiga musharraf bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonlik askarlar ota-onalari va yaqinlariga harbiy xizmatdagi shart-sharoitlardan so‘zlab, erishayotgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.
Askarlarning onalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg‘alar hamda harbiy okrug qo‘mondonligining tashakkurnomalari yetkazildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari