Pentagon rahbari Lloyd Ostinning kasalxonaga tushgani va bundan Oq uy ma’muriyati kech xabar topgani AQSHda ko‘pchilik siyosatchilarning noroziliklariga sabab bo‘ldi. Lloyd Ostinda prostata saratoni aniqlangan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ko‘pchilik kasallik boshlang‘ich davrida aniqlangani uchun uning tuzalib ketishiga katta umid bor deyishmoqda.
Oq uy rasmiylariga ko‘ra, AQSH prezidenti Jo Bayden bir haftadan ko‘proq vaqt oldin kasalxonaga yotqizilgan 70 yoshli Pentagon rahbari Lloyd Ostinning kasalligidan kech xabar topgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Ostin yangi yildan beri kasalxonada davolanmoqda. Bundan tashqari, Vashington yaqinidagi Uolter Rid harbiy gospitalining vakolatxonasi xabarida aytilishicha, Pentagon rahbariga dekabr oyi boshida prostata saratoni tashxisi qo‘yilgan.
“Vazir operatsiyadan keyin o‘zini yaxshi sezgan va ertasi kuni ertalab uyiga qaytdi”, deyiladi xabarda. Ammo yangi yil kuni vazir kasallik asoratlari tufayli yana kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning ta’kidlashicha, vazir sog‘lig‘ining to‘liq tiklanishi kutilmoqda, ammo bu jarayon uzoq davom etishi mumkin.
Ostin kasalligi bilan bog‘liq bir necha kunlik noaniqlik muxolifatdagi respublikachilarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Hatto, bir qator siyosatchilar mudofaa vazirining iste’fosini talab qilmoqda. Ular Rossiya-Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat paytida Pentagonni kim boshqarayotganiga hayron bo‘lishmoqda.
Qo‘shma Shtatlarda jamoatchilik yuqori lavozimli siyosatchilarning sog‘ligi haqida to‘liq ma’lumot olish odat tusiga kirgan. Lloyd Ostin 2021 yilda vakolat muddati boshlanganidan beri Bayden jamoasi a’zosi. U Pentagonga rahbarlik qilgan birinchi afro-amerikalik bo‘ldi. 2016 yilgacha Yaqin Sharqda joylashgan AQSH kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan. Bu lavozimda u AQSHning Iroq, Suriya va Afg‘onistondagi missiyalari uchun mas’ul edi.