Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan o‘tgan yillar davomida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek mutaxassislarining jahon sport maydonlaridagi sa’yi-harakatida samaradorlikni ta’minlash orqali yurtimiz obro‘-e’tiborini oshirish borasidagi ishlar o‘z natijasini berib kelmoqda.
O‘tgan yili mamalakatimiz Milliy antidoping agentligi mutaxassislari WADA ning xalqaro dopingi Ofitserlarni o‘qitish va malakasini oshirish markazida tahsil olish asnosida xalqaro toifadagi doping ofitserlari maqomini qo‘lga kiritganligi o‘ziga xos voqea bo‘lgandi.
Mazkur ishlar joriy yilning 26 iyul – 11 avgust kunlari Fransiya poytaxtida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari ostonasida ajoyib yangiliklarni boshlab keldi.
Parij-2024 Olimpiya va paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi tomonidan doping nazorati ofitserlarini saralab olish uchun e’lon qilingan tanlovga ko‘ra, 600 nafardan ortiq nomzodlar orasida o‘zbekistonlik A.Soliyev ham Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida doping nazorati ofitseri sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
Aytish lozimki, bugungacha o‘zbekistonlik doping nazorati xodimlari Olimpiya o‘yinlarida faoliyat olib bormagandi. Yurtimiz mutaxassisining bunday maqomga erishishi mamlakatimizda ushbu sohada islohotlar izchillik bilan olib borilayotganligidan dalolat berib turibdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA