O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida– O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Boshqarma boshlig‘i I.Arziyev tadbirda ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar talabi asosida Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari ish yurituvida bo‘lgan soliq qarzdorligi, jinoyat natijasida mamlakatga yetkazilgan zararlarni, davlat boji hamda banklarning foydasiga kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbarining bayram munosabati bilan prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, bugungi kunda el-yurtimiz prokuratura timsolida “jazolovchi idora”ni emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor bo‘lishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani ko‘rmoqda. Chunki Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha islohotlarimizda qonun ustuvorligini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Bayram arafasida Prezidentimizning farmoniga binoan mamlakatimiz prokuratura organlaridagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, yurtimizda qonuniylikni va huquq-tartibotni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamiyatimizda huquqiy madaniyatni oshirish yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun bir guruh soha xodimlari orden va medallar bilan taqdirlandi.
Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Venera Yerniyazovaning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanishi ham butun jamoa mehnatiga berilgan yuksak e’tirof bo‘ldi.
Tadbirda bayram munosabati bilan bir guruh xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri