“Chiqindi puli”dan qarzdorlar uy yoki mashina xarid qilolmaydi
365

Chiqindi xizmatidan qarzi borlarga ko‘chmas mulk va transport vositasi xarid qilishda bitim tasdiqlanmaydi. 2024 yil 1 apreldan boshlab maishiy chiqindidan qarzi bor shaxslar uchun ko‘chmas mulk hamda avtotransportlar bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlashga taqiq o‘rnatiladi. Ular qarzdorlikni bartaraf etgandan keyingina, bitim rasmiylashtirishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, aprel oyidan boshlab qarzning mavjudligi yoki yo‘qligi onlayn tarzda tekshiriladi. Bu taklif prezidentning 4 yanvardagi farmoni bilan ma’qullangan.
2025 yil 1 yanvardan boshlab chiqindi xizmatidan 1 oylik qarzi bor shaxslar elektr ta’minotiga to‘lov qilolmaydi. Agar o‘sha xonadonda puli tugab elektr o‘chib qolsa, unda toki chiqindi qarzini to‘lamaguncha, elektr uchun ham to‘lov qila olmaydi. Shu bilan birgalikda, elektrdan ham foydalana olmaydi.
Ushbu tartib 1-bosqichda 2024 yilning 1 iyunidan poytaxt va hududlar markazida 6 oylik qarzi bor shaxslarga nisbatan, 2024 yilning 1 noyabridan esa butun respublika bo‘ylab 3 oylik qarzi bor shaxslarga nisbatan joriy etiladi.
Bu chora 2025 yil 1 yanvardan 1 oylik qarzi borlarga ham qo‘llanadi.
M.Eshmirzayeva, I.Ismatov, O‘zA