JSST bosh direktori: G‘azo sektoridagi qirg‘in to‘xtatilishi kerak

283

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus Isroil armiyasining G‘azo sektorida tinch aholini qirg‘in qilishini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

“G‘azo sektoridagi qirg‘in to‘xtatilishi kerak”, deb yozadi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Bosh direktor G‘azo sektoridagi Al-Aqsa shahidlari kasalxonasi hududida to‘qnashuvlar avj olgani va evakuatsiya qilish bo‘yicha buyruqlar davom etayotgani haqida “tashvishli” xabarlar olayotganini aytdi.

600 dan ortiq Al-Aqsa shahidlari bemorlari va tibbiyot xodimlari shifoxonani tark etishga majbur bo‘ldilar, deydi Gebreyesus tibbiyot muassasasi direktoriga tayanib.

“JSST xodimlari Al-Aqsa shahidlari shifoxonasida jirkanch manzaralarga guvoh bo‘lishdi, u yerda turli yoshdagi odamlar qonga belangan pollar va tartibsiz yo‘laklarda davolandi”, — dedi Gebreyesus.

JSST rahbarining ta’kidlashicha, avvalgi haftalarda 14 nafar kishi halok bo‘lib, 48 nafar yarador shifoxonaga yetkazilgan bo‘lsa, so‘nggi kunlarda bu raqamlar ancha ortgan. Al-Aqsa shahidlari shifoxonasining G‘azo markazidagi eng muhim sog‘liqni saqlash muassasasi ekanligini ta’kidladi. Ushbu tibbiyot muassasasining faoliyatiga putur yetkazish “ma’naviy va tibbiy sharmandalik” bo‘ladi dedi u.

O‘zA