Joriy yilda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha bir qator muhim musobaqalar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari ham shu yil bo‘lib o‘tadi.

Ana shu to‘rt yillikning eng muhim sport tadbirida ishtirok etish uchun ayrim sport turlari bo‘yicha muhim reyting ochkolari va yo‘llanmalar beradigan sport musobaqalari o‘tkaziladi. Shu sababli, o‘zbek sportchilari mazkur Olimpiya o‘yinlariga maksimum ravishda yo‘llanma qo‘lga kiritishni o‘z oldilariga maqsad qilganlari tabiiy.

Hozirda sportchilarimiz o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli musobaqalarga davlatimiz rahbarining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Qarorga muvofiq, O‘zbekistondagi sport federatsiya va assotsiatsiyalari moddiy-texnik bazani mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni saralab borish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni bir qator xorijiy davlatlarda o‘tkazib kelmoqda. Unda jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlarida yanada toblanmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, sportchilarimiz uchun har bir nufuzli musobaqalar oldidan xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitalari, federatsiya va assotsiatsiyalar tomonidan tashkil etilayotir.

Dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz yangi mavsumning dastlabki kunlaridanoq xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshlab yubordi. Terma jamoamiz yig‘inning ilk bosqichini Italiya mamlakatida o‘tkazgan bo‘lsa, hozirda Avstriyada mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Ushbu yig‘indan so‘ng dzyudochilarimiz Germaniyaga yo‘l oladi.

Avstriyada o‘tayotgan yig‘inda dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jami 25 nafar a’zosi o‘z mahoratini oshirmoqda. Kun davomida o‘tayotgan mashg‘ulotlarda polvonlarimiz o‘zaro sparring, yangi usullar va texnik-taktik mashqlar bajargan holda jismoniy holatlarini yaxshilamoqda. Dzyudochilarimiz joriy yilda Gran-pri, “Katta dubulg‘a” va jahon chempionatlarida, shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi. Shu bois ham, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi va bir qator tashkilotlar terma jamoa a’zolari uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yuqori saviyada tashkil etmoqda hamda sportchilarni yuqori sport formasida ushlab turish uchun har bir yo‘nalishda tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Endi esa 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqalar taqvimi haqida to‘xtalib o‘tamiz. Bu yilgi mavsumni 26-28-yanvar kunlari Portugaliyaning Odivelas shahrida bo‘lib o‘tadigan Gran-pri musobaqasi boshlab beradi. Fevral oyida esa dzyudochilar Parij va Boku shahrida o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turnirlarida muhim reyting ochkolari uchun bahs olib boradi. Mamlakatimiz sportchilari uchun eng ahamiyatli musobaqalardan biri 1-3 mart kunlari poytaxtimizda o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turniridir. Unda sportchilarimiz maksimal tarzda medallar va reyting ochkolarini jamg‘arishga harakat qilishadi. Shuningdek, mart oyida  Avstriyada Gran-pri, Gruziya va Turkiyada “Katta dubulg‘a” turniri o‘tkaziladi.

May oyida esa Tojikistonda dzyudochilar Gran-pri,  Qozog‘istonda esa “Katta dubulg‘a” turnirida o‘z omadlarini sinab ko‘radi. 14-19 may kunlari Abu-Dabi shahrida kattalar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkaziladi. Mazkur chempionat dzyudochilar uchun Olimpiya o‘yinlari oldidan muhim tayyorgarlik bosqichini ham o‘tab beradi. 28-30 iyun kunlari Mo‘g‘ulistonda “Katta dubulg‘a” turniri tashkil etilishi belgilandi.

To‘rt yillikning eng muhim musobaqalaridan biri bo‘lgan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining dzyudo bo‘yicha bahslari 27 iyul kunidan boshlanib, 2 avgustga qadar davom etadi.

Joriy yilgi mavsumning so‘nggi musobaqalari sentyabr va oktyabr oyida o‘tkaziladi. Unda Vengriya “Katta dubulg‘a”, Xorvatiya esa Gran-pri musobaqasi mezboniga aylanadi. 25-29 sentyabr kunlari Turkmaniston poytaxtida o‘smirlar o‘rtasida, 2-6 oktyabrda esa yoshlar orasida jahon chempionati tashkillashtiriladi. 18-20 oktyabr kuni Abu-Dabi shahrida “Katta dubulg‘a” turniri bo‘lib o‘tadi. Faqatgina Isroilning Tel-Aviv shahrida o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turnirining o‘tkazilish sanasi noma’lumligicha qolmoqda.

O‘zbek va dunyo dzyudochilarini 2024 yilda nufuzli musobaqalar kutmoqda. Umid qilamizki, bu musobaqalarda o‘zbek polvonlari yuksak marralarni zabt etadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA