O‘zbekiston xorijiy matbuot sahifalarida

258

“Arab arenasi” (Sanews) elektron nashrida “Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston o‘rtasida Haj va Umra safarlarini yanada yaxshilashni davom ettirish to‘g‘risida bitim imzolandi”sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Maqolada Jidda shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vazirligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgani batafsil yoritilgan.

Qayd etilishicha, muloqotda Haj va Umra vaziri Tavfiq bin Favzon Ar-Rabia, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazarov ishtirokida o‘zaro aloqalarning istiqbollari hamda “Haj—2024” mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama etilgan.

Maqolada Haj va Umra vaziri so‘nggi yillarda O‘zbekiston eng yaxshi natijalarga erishayotgani va jadal taraqqiy etayotganini ta’kidlash barobarida avvalgi yildagi O‘zbekiston zaminiga tashrifi bir umr yodida qolganini bildirgan.

Muloqot yakunida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Haj va Umra vazirligi o‘rtasida muborak safarlarni yanada yaxshilash yuzasidan kelishuv imzolangani ta’kidlangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA