Sudlar raislarining mahalliy Kengashlarga axborot taqdim etishi bekor qilinadi

234

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida “Sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

— Mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda, — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Sherbek Bo‘ronov. — Ushbu qonun loyihasi ham sudlar mustaqilligi kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishi va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilishi sud faoliyatining samaradorligini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi. Taklif etilayotgan qonun loyihasida sudlar raislarining mahalliy Kengashlarga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinayotgani munosabati bilan sudlarga har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi orqali sud hokimiyatining mustaqilligi to‘laqonli ta’minlanishi uchun kafolatlar yanada mustahkamlanadi. Shu bilan birga, sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishining oldi olinib, jamiyatning sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olib borishi uchun qat’iy huquqiy asos yaratiladi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Prezidentimiz aytganidek, sudlar chin ma’noda adolat maskaniga aylanishi uchun sud’yalar mustaqilligini ta’minlash eng muhim vazifadir. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa sudyalar mustaqilligini va pirovardida samarali odil sudlovni yanada ishonchli ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

M.Komilova, O‘zA