Tayanining taklifiga Zaxarovadan javob

278

“Bizga Yevropa armiyasi kerak va bu samarali Yevropa tashqi siyosatining asosiy shartidir”, – dedi Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Italiyaning “La Stampa” gazetasiga bergan intervyusida.

Italiya bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani YeI tinchlikni saqlash va mojarolarning oldini olishda rol o‘ynashga qodir armiyaga ega bo‘lishi kerakligini aytgan.

Uning ta’kidlashicha, AQSH, Xitoy, Hindiston va Rossiya kabi kuchli “o‘yinchilar” mavjud bo‘lgan dunyoda YeI o‘z armiyasiga ega bo‘lishi kerak: “Agar biz dunyoda tinchlikparvar kuch bo‘lishni istasak, bizga Yevropa armiyasi kerak va bu Yevropa tashqi siyosatining samarali asosiy shartidir”.

Bu armiya yevropaliklarning xavfsizligi uchun zarur ekanligini ta’kidlagan vazir “YeI fuqarolarini faqat YeI himoya qilishi mumkin”, – deb qo‘shimcha qilgan.

Vazir, shuningdek, Yevropa Kengashining amaldagi prezidenti va Yevrokomissiya raisi o‘rniga yagona raislikni joriy etish orqali YeIning yetakchilik tizimini ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkinligini aytgan.

Ko‘p o‘tmay, Antonio Tayanining YeIda yagona armiya yaratish chaqirig‘iga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova o‘zining telegram kanalida javob berdi.

“Bryussel allaqachon COVID-19 va migratsiya inqirozi kabi global muammolarga dosh bera olmasligini ko‘rsatdi. YeI avvalo ushbu muammolarni hal qilishi kerak, shundan keyingina armiya yaratish haqida o‘ylasa bo‘lardi” – deb yozadi Zaxarova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birlashgan Yevropa qurolli kuchlari qator muammolar tufayli ishlay olmaydi. Ulardan biri sifatida u YeIning energiya narxlariga bog‘liqligini ta’kidladi.