Joriy yilning 12 yanvar kuni Qatarda futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari boshlanadi. Musobaqa boshlanishi arafasida bir qator terma jamoalar o‘zaro o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazmoqda.

Ana shunday imkoniyatdan unumli foydalangan holda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi starti oldidan Falastin termasiga qarshi nazorat o‘yinini o‘tkazdi. Doha shahridagi “Al-Ahli” klubiga qarashli stadionda o‘tgan o‘yinning 79-daqiqasida Bobir Abduxoliqov hisobni ochdi va terma jamoamizning 1:0 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi. O‘yin har ikki terma jamoaning o‘zaro kelishuviga ko‘ra yopiq tarzda o‘tkazildi.

Terma jamoamizga oid yana bir muhim xabar, Eldor Shomurodov hamon terma jamoamiz tarkibidan o‘rin olmadi va u Dohada emas. Biroq, terma jamoa musobaqadagi dastlabki o‘yinga 6 soat vaqt qolguniga qadar yakuniy tarkibni o‘zgartirishi mumkin.

* * *  

Toshkentning “Lokomotiv” klubi o‘tgan mavsumda “Andijon” jamoasi sharafini himoya qilgan Sardor Abdunabiyev bilan ikki yillik kelishuvga erishdi. Shuningdek, “OKMK” klubining Anzur Ismoilov hamda Sanjar Tursunov kabi futbolchilari ham yangi mavsumda “Lokomotiv” sharafini himoya qiladi. Ular jamoa bilan mavsum so‘ngiga qadar shartnoma imzolagan. Shuningdek, “Turon” klubi a’zosi Abdulazizxon Abdurashidov poytaxt jamoasi bilan ikki yillik shartnoma imzoladi.

* * *  

Hozirda Farg‘onaning “Neftchi” klubi yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. O‘tgan yili  “Neftchi” ikki gruziyalik legioneri Bachana Arabuli va Giorgi Nikabadze kabi futbolchilarga maosh to‘lashda qarzdor bo‘lib qolgan. Shu bois futbolchilar pullarini olish maqsadida FIFAga murojaat qilgan va FIFA mazkur muammoni bartaraf etish uchun Farg‘ona klubiga 14 kun muhlat bergan.

Ammo ushbu muddatda qarzdorliklar baribir uzilmagan. Endi “Neftchi” har ikkala futbolchiga 2024 yil oxirigacha maoshini berishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, jamoaning avstraliyalik himoyachi Tomislav Mrchela oldida ham qarzi bor va Mrchela FIFAga murojaat qilib bo‘lgan. Agar FIFA bergan muddatda o‘tgan yilgi qarzdorlik bartaraf etilmasa, “Neftchi” Mrchelaga yozgacha maoshini to‘lashga majbur bo‘ladi.

* * *  

Yevropada futbol bo‘yicha musobaqalar qizg‘in pallaga kirmoqda. Aniqrog‘i, Ispaniya kubogining 1/16 bosqichida “Barbasto” – “Barselona” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda kataloniyaliklar 2:3 hisobida zafar quchdi va “Barselona” Ispaniya kubogi 1/8 bosqichiga yo‘l oldi.

Fransiya kubogi 1/32 bosqichida “Revel” o‘z maydonida “PSJ”ga 0:9 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ushba yirik g‘alabadan so‘ng parijliklar Fransiya kubogining keyingi bosqichiga yo‘l oldi.

Angliya kubogining uchinchi bosqichida “Arsenal” va “Liverpul” bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda “Liverpul” 0:2 hisobida zafar quchdi hamda Angliya kubogi keyingi bosqichiga yo‘l oldi.

* * *  

Bugun, 8 yanvar kuni Avstraliyaning Melburn shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Australian Open-2024” turniri boshlanadi. Unda mamlakatimiz sharafini ayollar o‘rtasidagi bahslarda Nigina Abduraimova himoya qiladi.

 

Nigina musobaqaning yakkalik bahslarini saralash bosqichidan boshlaydi. Qur’a natijasiga ko‘ra, mamlakatimizning birinchi tennischisi ilk davrada braziliyalik Laura Pigossiga qarshi kortga chiqadi. Nigina va Laura bahsi g‘olibi keyingi bosqichda Yana Fett (Xorvatiya) – Dominika Salkova (Chexiya) uchrashuvida zafar quchgan tennischi bilan raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, “Australian Open 2024” turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 59,1 million AQSH dollarini tashkil qiladi.

* * *  

“UzChess” platformasi Nodirbek Abdusattorov 2023 yil yakuniga ko‘ra qancha mukofot puli ishlab topganini ma’lum qildi. Platforma ma’lumotiga ko‘ra, Nodirbek 2023 yilda jami 12 ta turnirda ishtirok etib, 190 ming 173 AQSH dollari miqdorida mukofot pulini qo‘lga kiritgan.

* * *  

Xabaringiz bor, dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz yangi mavsumdagi ilk xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Yevropa qit’asida o‘tkazmoqda.

Terma jamoamiz yig‘inning ilk bosqichini Italiya mamlakatida o‘tkazdi. Unda dzyudochilar jismoniy holatni bir maromda ushlab turuvchi mashqlar bilan bir qatorda, texnik va taktik usullarni o‘rgandilar. Mazkur davlatdagi yig‘in yakunlandi va polvonlarimiz Avstriyaga yo‘l oldi. U yerda ham mashg‘ulotlar davom etadi.

Avstriyadagi mashg‘ulotlar 15 yanvarga qadar davom etadi. Keyin dzyudochilarimiz Germaniyaga boradi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA