O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalarga biriktirilgan bo‘sh yerlardan unumli foydalanish, tadbirkorlik faoliyatini keng tatbiq etish maqsadida dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik, uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Jumladan, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugdagi harbiy qism va muassasalarda shaxsiy tarkibning ovqatlanish ratsionini vitaminlarga boy bo‘lgan sifatli ho‘l meva, sabzavot, go‘sht va boshqa mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida yordamchi xo‘jaliklardan unumli foydalanilmoqda.
Garnizondagi harbiy qismlardan birining moddiy ta’minot bo‘linmasida ilgari bo‘sh turgan unumsiz yerning 30 sotixida 2022 yilda issiqxona qurilgani sabzavot va anvoyi gullar yetishtirish, ularni sotish bo‘linmaning moddiy daromadini ko‘paytirishga xizmat qilyapti.
Issiqxona qurilgan yer unumsiz qumlik yerdan tashkil topib, undan umuman foydalanilmay kelingan. Yerning unumdorligini oshirish maqsadida o‘g‘itlar bilan boyitilgan unumli tuproq olib kelinib, undan keyingina ekin ekilishi sinovdan o‘tkazilgan edi. Aytish kerakki, o‘tgan yili ekilgan sakkiz ming tup bodring ko‘chatidan mo‘l hosil olindi. Ekinlarni tomchilatib sug‘orish tizimi esa suvni tejash hamda yetarli miqdorda namlikni saqlashda samarali bo‘lmoqda. Bu yilgi mavsumda esa 7 mingdan ziyod pomidor ko‘chati o‘tqazilib, mavsum boshlanganidan beri pomidorning 4 ta terimidan jami 6 tonnaga yaqin hosil yig‘ishtirildi.
2023 yilda harbiy shaharcha hududidagi yana 30 sotixdan ziyod bo‘sh turgan yer maydonida bunyod etilgan issiqxonada ham ekilgan bodring ko‘chatlari hosilga kirdi. Bu yil hosildan unumli daromad olish rejalashtirilgan bo‘lib, hozir 2 tonnadan ortiq bodring terib olindi.
Issiqxonada ekilgan ekinlarni parvarishlash hamda yetilib pishgan hosilni terish uchun alohida yollanma ishchi kuchidan foydalanilmoqda. Asosiysi, sabzavotlar savdosidan tushayotgan daromadning barchasi harbiy qism va muassasalarni rivojlantirish, harbiy xizmatchilarga subsidiya asosida kreditlar ajratish, shaxsiy tarkib ovqatlanish ratsionini yaxshilashga yo‘naltirilmoqda. Qolaversa, yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar harbiy xizmatchilar oila a’zolariga arzonlashtirilgan narxlarda taqdim etilyapti.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri