Nomofobiya – asr vabosi (+video)

Bugun ko‘pchilik “Nomofobiya” kasaliga yo‘liqqan. Nomofobiya so‘zi – (Nomophobia – no mobile phone phobia) inglizchadan olingan bo‘lib, o‘z telefonidan uzoqlashishdan qo‘rqish ma’nosini beradi. Fobiya, ya’ni qo‘rquv kasalliklarining ommabop turi. Davolash mumkin bo‘lgan xastaliklardan ham xavotirliroq bu yangi kasallik asr vabosi deb tan olingan.
Psixologlar nomofobiyani giyohvandlik yoki spirtli ichimliklarga qaramlik bilan teng deb tan olishmoqda. Shuning uchun dunyoning ko‘plab davlatlarida bu kasallikni aniqlash va davolash ustida allaqachon ishlar olib borilmoqda.
Bugun dunyo bo‘yicha 7,2 milliarddan ortiq odam o‘z mobil telefoniga ega. Bu dunyo aholisining 91 foizini tashkil qiladi. Gadjetlar shu darajada ommalashdiki, kichik yoshdagi bolalar ham ota-onasining telefonidan cheksiz ravishda foydalanmoqda.
Saudiya Arabistoni va Iordaniyada o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, bu ikki davlat aholisining 51 foizidan ortiqrog‘ida telefonga qaramlik tashxisi qo‘yildi. 5191 kishi ishtirok etgan so‘rovnomaning 26 foizida ishtirokchilar telefonsiz qolish qo‘rquvi bilan yashayotganini va bundan davolanish istagini aytishgan.
Buyuk Britaniyada esa aholining 53 foizi nomofobiyadan aziyat chekishadi. Braziliyada bu tadqiqot o‘tkazilganda ishtirokchilarning 68 foizida smartfonlarga qaramlik aniqlangan. Natijalar ayollarga nisbatan erkaklarda mobil telefonlarga bog‘lanib qolish va nomofobiya xavfi yuqoriroq ekanligini isbotlagan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, odam o‘rtacha o‘yin, ijtimoiy tarmoq va boshqa ilovalarga kuniga 4 soat vaqt sarflaydi. Bu haftasiga 28 soat degani. O‘rtacha foydalanuvchi kuniga telefonini 2617 martta telefon ekranidan foydalanadi. So‘rovnomaga ko‘ra 18–29 yoshli smartfonlar egalarining 22 foizi o‘z telefonini, soatiga bir necha marta ko‘zdan kechiradi.
Dunyo mamlakatlarini xavotirga solayotgan bu holat haqida O‘zbekistonda hali biror tadqiqot o‘tkazilmadi. Bir vaqtlar gazeta yoki kitobni ko‘p o‘qish ham ko‘zga zararli hisoblangan. Lekin bugungi kun muammolari oldida u hadiklar o‘yinchoq bo‘lib qoldi.
Inson gazeta o‘qiganida odatda gazetani 40 sm masofada ushlaydi. Kompyuterda ishlaganidan esa 60-70 sm masofa saqlaydi. Telefonda esa bu raqam 20-30 santimetrga tushadi va xavfli tus oladi.
So‘nggi 20 yil statistikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropaning aksariyat davlatlari orasida bolalar shapko‘rligi bir yarim barobarga ortgan. Ayniqsa, 14-29 yosh oralig‘idagi yoshlar har kuni (!) kamida 274 minutlarini monitorga tikilib o‘tkazmoqdalar. Arzimas tuyulishi mumkin, ammo bu bir hafta, oy yoki yilga ko‘paytirilsa, qancha muddatga aylanishini bilish qiyin emas va bu vaqtning hammasi ko‘zga bevosita zo‘riqish beradi.
Qaramlik qurboni nafaqat ko‘zlarimiz, balki miyamiz hamdir. Xitoylik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotda smartfonlarga qaram odamlar miyaning kognitiv funksiyalar, ijodkorlik, aqliy moslashuvchanlik va ma’lumotni idrok etishda ravonlik uchun mas’ul bo‘lgan kamroq faol qismlari borligini aniqladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, smartfonga qaram bo‘lgan ishtirokchilar ravonlik, moslashuvchanlik va fikrning o‘ziga xosligi bo‘yicha pastroq ball olgan.
Inson butun axborotning 80 foizini ko‘rish orqali olishi allaqachon isbotini topgan. Bahosi yo‘q bu a’zomizning ahamiyatini his qilish juda oson – ko‘zingizni bir daqiqaga yuming va biror ishni bajarishga urinib ko‘ring. Yo‘qotishni butun tanangiz bilan his eta olgan bo‘lsangiz, bugundan boshlab o‘zingizga kichik bo‘lsada ta’qiqlar qo‘ying, ma’lum bir chegaralarni belgilang. Farzandlaringiz ham qancha vaqt telefonda vaqt o‘tkazayotganini nazoratga oling. Bizni kuzatishda davom eting. O‘zingiz va yaqinlaringizni e’tiborsiz qoldirmang.
M.Turdaliyeva, A.Ahmedov (video), O‘zA