Joriy yilgi sport mavsumi ham boshlandi. Ushbu yilda bir qator sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalar kuni ham oydinlashmoqda. 2024 yilda turli musobaqalarda o‘zbek sportchilarini bir qator jiddiy sinovlar kutmoqda.

Ana shunday musobaqalar orasida professional boks bo‘yicha o‘tadigan janglar haqida ham to‘xtalib o‘tishni lozim ko‘rdik. O‘zbekiston professional boks federatsiyasi 2024 yilda professional charm qo‘lqop ustalarimiz ishtirokida o‘tadigan ayrim janglar haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Otabek Xolmatov joriy yilning 2 mart kuni vakant bo‘lib qolgan “WBA” kamari uchun amerikalik Raymon Fordga qarshi ringga ko‘tariladi. Chempionlik jangiga AQSH mezbonlik qiladi. “Top Rank” promouterlik kompaniyasi 317 ming 500 AQSH dollari evaziga ushbu jangni tashkil etish huquqini qo‘lga kiritgan.

Shahram G‘iyosov 24 fevral kuni AQSHning Orlando shahrida tashkil etiladigan boks oqshomida ringga chiqadi. Shu kuni unga meksikalik Pablo Sezar Kano raqiblik qiladi. Jang g‘olibi “WBA” kamari uchun rasmiy da’vogarga aylanadi.

Shuningdek, Olimjon Nazarov va Abdurasul Ismoilov 13 yanvar kuni Janubiy Koreyaning Incheon shahrida tashkil etiladigan oqshomda navbatdagi janglarini o‘tkazadi. O‘ta yengil vazn toifasida “WBO Oriental” kamari sohibi Olimjon Nazarov xitoylik Vulan Tuolexazi bilan jang qilsa, birinchi yarim o‘rta vazn toifasidagi Abdurasul Ismoilovga yana bir Xitoy vakili Veyvey Liu raqiblik qiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, Murodjon Ahmadaliyev kamarlarini qaytarib olish uchun 2024 yilning birinchi choragida ringga chiqadi. Bektemir Meliqo‘ziyev ham joriy yilda chempionlik kamari uchun jang o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Shohjahon Ergashev, Hasanboy Do‘smatov kabi bir qator bokschilarimiz ham professional ringda navbatdagi janglarini o‘tkazishi rejalashtirilmoqda va ushbu janglar tasdiqlanishi bilan ma’lumot beriladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA