Joriy yil 12 yanvar – 10 fevral kunlari Qatarda futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi va hakamlarimiz ham ishtirok etishi haqida xabaringiz bor, albatta.

Mazkur musobaqa boshlanishidan avval milliy terma jamoamizga oid ayrim ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tmoqchimiz. Osiyo kubogida ishtirok etadigan terma jamoalar orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘rtacha yoshi 26.39 ni tashkil etmoqda va jamoamiz kubokda ishtirok etayotgan jamoalar orasida mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha sakkizinchi o‘rindan joy oldi.

Tarkibimizdagi eng yosh futbolchi Abduqodir Husanov bo‘lib, u hozirda 19 yoshda. Eng yoshi ulug‘ futbolchimiz esa 33 yoshli O‘tkir Yusupovdir. Jamoamizni tashkil etishda milliy chempionatimizdan eng ko‘p futbolchi “Paxtakor” klubidan chaqirtirildi. Aniqrog‘i, “Paxtakor”dan 7 nafar, “Nasaf”dan 5, “Navbahor”dan 4 nafar futbolchi tarkibdan joy oldi.

O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogi final bosqichida 1996 yildan buyon muntazam ravishda ishtirok etib kelmoqda. Termamiz mazkur musobaqada 28 uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, ularning 13 tasida g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 11 marotaba mag‘lubiyatga uchragan va 4 marotaba durang qayd etgan. Ushbu o‘yinlarda futbolchilarimiz raqiblar darvozasini 42 marotaba ishg‘ol etgan bo‘lsa, o‘z darvozalaridan 47 marta to‘p olib chiqqan. Jamoamiz 2011 yilda Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogida eng yaxshi natijasini qayd etgan. Unda vakillarimiz 4-pog‘onani egallagan edi.

Osiyo kubogi final bosqichida eng ko‘p ishtirok etgan futbolchi sifatida darvozabonimiz Ignatiy Nesterov e’tirof etilmoqda. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2004, 2007, 2011, 2015 va 2019 yillarda o‘tgan musobaqalarda qatnashgan. Uning natijasini qit’amizning hali biror bir jamoasi a’zolari takrorlay olmayapti. Milliy jamoamizning Osiyo kuboklaridagi eng yaxshi to‘purari esa Aleksandr Geynrix hisoblanadi – 6 gol.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 20 nafar futbolchi – O‘tkir Yusupov, Abduvohid Ne’matov, Botirali Ergashev, Xojiakbar Alijonov, Rustam Ashurmatov, Umar Eshmurodov, Husniddin Aliqulov, Sherzod Nasrullayev, Abdulla Abdullayev, Abduqodir Husanov, Muhammadqodir Hamraliyev, Zafarmurod Abdirahmatov, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov, Hojimat Erkinov, Abbosbek Fayzullayev, Jamshid Boltaboyev, Diyor Xolmatov, Bobir Abdixoliqov, Aziz Amonovlar Osiyo kubogida ilk bor qatnashadi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, jamoamiz safida jami 9 nafar legionerimiz maydonga tushadi. Aniqrog‘i, Jaloliddin Masharipov (“Panserraikos”, Gretsiya), Otabek Shukurov (“Karagyumruk”), Abbosbek Fayzullayev (SSKA, Rossiya), Rustam Ashurmatov (“Rubin”, Rossiya), Husniddin Aliqulov (“Rizespor”, Turkiya), Abdulla Abdullayev (“Xorfakkan”), Abduqodir Husanov (“Lans”, Fransiya), Igor Sergeyev (“Patum Yunayted”, Tailand) va Bobir Abdixoliqov (“Ordabasi”, Qozog‘iston) kabi iqtidorli futbolchilar o‘zlarining yorqin o‘yinlari bilan muxlislarni quvontiradi.

Darvoqe, bu yilgi Osiyo kubogida Ahrol Risqullayev hamda Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida, Timur Gaynullin hamda Andrey Sapenko esa yordamchi hakam sifatida ishlaydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugun har qanday musobaqada munosib ishtirok etmoqda va nomdor termalarga qarshi yuqori saviyada o‘yin o‘tkazayotir. Umid qilamizki, Srechko Katanets qo‘l ostidagi terma jamoamiz 13 yil avvalgi kabi Qatar maydonlarida yuksak marralar sari olg‘a borgan holda futbolimiz tarixida yangi sahifa ochadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA