Kopengagen 2024 yilning ikkinchi choragida Kiyevga jangovar samolyotlar yuborishi kutilmoqda, deya xabar berdi Daniya mudofaa vazirligi “Berlingske” nashriga bergan ma’lumotida.

Mamlakatning Ukrainaga oltita ko‘p maqsadli F-16 qiruvchi samolyotlari topshirilishi kechiktirildi. Qirollik mudofaa vazirligi nashrga xabar berishicha, jangovar mashinalar Kiyevga ikkinchi chorakda yuboriladi.

Dastlab, samolyotlarni yetkazib berish 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan edi. Aynan shu davrni Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen 2023 yil avgust oyida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan edi. Shuningdek, u 2024 yilda sakkizta F-16 va bir yildan keyin yana beshta F-16 samolyotlarini Ukraina tomoniga topshirishga va’da bergan edi.

“Ishlarning orqaga surilishiga sabab: ba’zi zarur shart-sharoitlar, jumladan, ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash hali bajarilmagan”, deb izohladi Daniya Mudofaa vazirligi.

Daniyadan tashqari Gollandiya ham Ukrainaga ushbu turdagi 18 ta samolyotni topshirish niyatida ekanligini bildirgan, biroq qachon ekanligiga aniqlik kiritmagan. Belgiya va Norvegiya ham Ukrainaga berilishi kerak bo‘lgan samolyotlar sonini ko‘rsatmasdan, texnikalarni Kiyevga yuborishga va’da bermoqda.